news-img
calendar-icon

25.03.2025

Raqamli jarlik. Qishloq xo‘jaligi va shahar muhiti


Shiddat bilan rivojlanayotgan ushbu zamonda hayotimizning har bir jabhasiga texnologiyalarni singdirish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biridir. Ularning yordami bilan sohalardagi mavjud muammolarni yengib, yanada qulay, xavfsiz va barqaror jamiyat qurish mumkin. Bunda texnologiyadan inson va butun jamiyat ehtiyojlarini hisobga olgan holda oqilona foydalanish muhim ahamiyatga ega. Raqamli tafovutni bartaraf etish, aholining barcha qatlamlari uchun birdek texnologiyalardan foydalanish imkoniyatini ta’minlash va ulardan samarali foydalanish uchun sharoit yaratish zarur.


Bugungi kunda ko‘plab davlatlar fermer xo‘jaliklari hali-hamon eskirgan dehqonchilik usullaridan foydalanmoqdalar. Natijada hosildorlikning keskin pasayishi hamda resurslardan oqilona foydalanmaslik sabab, bir qator muammolar kuzatilmoqda. Sayyoramizda havo harorati global tarzda isib, aholi soni ortib borayotgan bu vaqtda, oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solayotgan salbiy holatlarni bartaraf etish lozim. Bunda zamonaviy texnologiyalar qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish uchun yechimlarni taklif qiladi.


Qanday yangi texnologiyalar qishloq xo‘jaligini jadal rivojlanishiga yordam berishi mumkin?


Tomchilatib sug‘orish tizimi. Dalalardagi yer holatlarini kuzatish, o‘g‘itlash va sug‘orishni optimallashtirish uchun GPS, dron va sensorlardan foydalanish. Bu ekinlar hosildorligini oshiradi va xarajatlarni kamaytiradi.


Yig‘im-terim uchun robotlashtirilgan tizim. Ekinlarni avtomatik ravishda yig‘ib olish, mehnat xarajatlarini kamaytirish imkonini beruvchi robotlashtirligan tizimlarni tadbiq etish. Bu ishlab chiqarish samaradorligini oshiradi va hosil nobud bo‘lishini kamaytiradi.


Blokcheyn - mahsulotlarni kuzatish texnologiyalari. Dalalardan terib olingan meva va sabzavotlarni mijozlarning dasturxoniga qadar sifatli yetib borishi uchun shaffof tizim yaratishda blokcheyndan foydalanish. Bu iste’molchilarning mahsulotlar sifatiga bo‘lgan ishonchini oshiradi va ularning xavfsizligini ta’minlaydi.


Ekinlar hosildorligini hisob qilish va logistikani optimallashtirish uchun sun’iy intellektdan foydalanish. Bu fermerlarga yanada oqilona qarorlar qabul qilish va biznes samaradorligini oshirish imkonini beradi.


Biroq, nafaqat qishloq ho‘jaligi texnologik yordamga muhtoj. Zamonaviy hayot markazlari sifatida shaharlar ham innovatsion yechimlarni talab qiladigan jiddiy muammolarga duch kelmoqda.


Shahar muhiti - raqamli tartibsizlik


Shaharlar o‘sib kengayib bormoqda, ammo ulardagi infratuzilma aholi sonining o‘sishiga bardosh bera olmaydi. Yo‘l tirbandligi, atrof-muhitning ifloslanishi, xavfsizlik muammolari - bularning barchasi qulay va barqaror shahar muhitini yaratish uchun zamonaviy yechimlarni talab qiladi. Va bu yerda texnologiyalar yordamga keladi, ular shaharlarni yanada qulay va xavfsizroq qilishga imkon yaratadi.


Texnologiyadan foydalangan holda shahar infratuzilmasini qanday rivojlantirish mumkin?


Intellektual transport tizimlari. Transport oqimlarini optimallashtiradigan, tirbandliklarni kamaytiradigan va yo‘l harakati xavfsizligini oshiradigan tizimlarni joriy etish. Bu yo‘l vaqtini qisqartiradi va shahar aholisi uchun qulayliklarni oshiradi.


Havo va suv sifati monitoringi tizimlari. Atrof-muhit holatini real vaqt rejimida kuzatib boruvchi va ifloslanish haqida ogohlantiruvchi tizimlarni joriy etish. Bu atrof-muhit va shahar aholisi salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha o‘z vaqtida chora-tadbirlar ko‘rish imkonini beradi.


Chiqindilarni boshqarish bo‘yicha “aqlli” tizimlar. Chiqindilarni yig‘ish, saralash va qayta ishlashni optimallashtiradigan tizimlarni joriy etish. Bu atrof-muhitning ifloslanishini kamaytiradi va resurslar samaradorligini oshiradi.


Shahar aholisi uchun taklif etilayotgan xizmatlar ilovalarini ishlab chiqish. Bu shahar aholisiga voqealar va xizmatlar bo‘yicha tezkor ma’lumot olish, muammolar haqida xabar berish imkonini beradi.


Shunday qilib, biz texnologik yordam hayotning barcha sohalarida zarurligini, innovatsion yechimlarni tatbiq etish esa barqaror rivojlanish garovi ekanligini ko‘rmoqdamiz.


team